“Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgaz” korxonalari foydasiga 60.2 mlrd. so‘mlik qarzdorliklar undirilgan
Majburiy ijro byurosining Farg‘ona viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud qarorlariga asosan energiya resurslari sohasida qarzdorliklarni undirish bo‘yicha reyd tadbirlari o’tkazilgan. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonalari foydasiga 1 063 ta ijro hujjatlari bo‘yicha 53,5 mlrd. so‘m hamda “Hududgaz” korxonalari foydasiga 1 013 ta ijro hujjatlari bo‘yicha 6,7 mlrd. so‘m qarzdorliklar amalda undirilgan.
Shuningdek, ijro harakatlari davomida qarzdorlarning nomida bo‘lgan 20,8 mlrd. so‘mlik mol-mulklar tegishli tartibda xatlanib, shundan, 11,1 mlrd. so‘mlik mol-mulklar sotish uchun auksion savdolariga chiqarilgan, 104 ta ijro hujjatlari bo‘yicha esa undiruv qarzdorlarning ish haqlariga qaratilgan.
Bundan tashqari, sud va boshqa organlar hujjatlariga asosan boshqaruv servis kompaniyalari foydasiga qarzdorliklarni undirish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o‘tgan davrda ish yurituvga mazkur toifadagi 6 503 ta 8,4 mlrd. so‘mlik ijro hujjatlari kelib tushgan bo‘lib, ijro harakatlari davomida 5 574 ta ijro hujjatlar bo‘yicha 6,8 mlrd. so‘m qarzdorliklar amalda undirilishi ta’minlandi.
Sharhlar