Hukumat faoliyatining mas’uliyati va ochiqliq darajasi oshirilmoqda
Hukumat faoliyati yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilib, uning zamonaviy sharoitda samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan huquqiy asos yaratilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun shu maqsadga qaratilgan. Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining vazifa va vakolatlariga doir bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar mustahkamlanmoqda. Xususan, ijro etuvchi hokimiyatning iqtisodiyot, byudjet, moliya, soliq, ijtimoiy, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Senat yalpi majlisida mazkur qonun muhokama qilindi. Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan senator Shuhrat Cho‘lliyev Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi, ularning majburiyatlari, vazifalari hamda shaxsiy javobgarligi aniqlashtirilayotganini qayd etdi.
Qonunda Hukumat faoliyatining mas’uliyati va ochiqligini oshirishga qaratilgan qator muhim o‘zgarishlar aks etgan. Jumladan, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mamlakat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot taqdim etishi nazarda tutilgan.
Hukumat faoliyatida ish tartibini soddalashtirish uchun yangicha yondashuvni ta’minlash maqsadida mazkur qonun bilan Vazirlar Mahkamasi doirasidagi barcha masalalar Hukumat majlislarida hal etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, vazirlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda.
Jumladan, o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikda ishni samarali tashkil etishi, biriktirilgan soha va tarmoqlarda yagona davlat siyosatini samarali olib borishi, uni rivojlantirish bo‘yicha natija va oqibatlar uchun shaxsan javobgar bo‘lishi belgilanmoqda.
Qizg‘in kechgan muhokamada senatorlar mazkur qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining turli darajalari o‘rtasida izchillik va harakatlarni muvofiqlashtirish tamoyiliga asoslanishi, bu esa samarali davlat boshqaruvining asosiy omili ekani qayd etildi.
Senatorlar ma’qullagan qonun davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishda uning samaradorligi va aholi oldidagi mas’uliyatini yanada oshiradi.
Sharhlar