Huquqni muhofaza qilish organlari o‘zbekistonliklarning onlayn-harakatlarini monitoring qilish imkoniga ega bo‘ladi
21-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deya xabar beradi Norma.
2024-yil 1-avgustdan Institut raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish, jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiqot qilish hamda o‘rganilgan ma’lumotlar bo‘yicha xulosalar tayyorlash, raqamli kriminalistika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni zamonaviy raqamli kriminalistika ekspertiza turlari bo‘yicha masofaviy va an’anaviy tarzda o‘qitish, raqamli kriminalistika faoliyatini amalga oshirish hamda maxsus kriminalistika laboratoriyalari ishini samarali tashkil etish uchun shartnoma asosida mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari doirasida hamda texnik vosita va butlovchi ehtiyot qism sifatida foydalanish uchun IIVda yuritiladigan raqamli axborot tashuvchi qurilmalar kollektsiyasidan foydalanish bilan shug‘ullanadi.
Institut kerakli uskunalar, shu jumladan uchuvchisiz uchadigan apparatlar (dronlar) bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab oluvchi “Raqamli dalillar yagona reestri” idoralararo avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi.
Reestrning asosiy vazifalari:
- jinoyatlarni fosh etish, tergov samaradorligini oshirish, uyushgan jinoiy guruhlarni tezkorlik bilan aniqlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tushayotgan jinoiy ishlar bo‘yicha materiallarni yig‘ish, hisobga olish, saqlash va tahlil qilish;
- fotosuratlar, video, audio yozuvlar, elektron hamyonlar, kripto-aktivlar manzillari, IP-manzillar, Internet manzillar (domen), hisobga olish yozuvi (akkaunt), raqamli dalillarning aniqlangan joyi, vaqti va boshqa muhim belgilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish;
- raqamli dalillar bazasida davlat sirlariga oid bo‘lmagan axborotni saqlash, qayta ishlash va himoya qilish mexanizmlari, axborot infratuzilmasi ishonchliligi, ma’lumotlar bazalarining zaxiralarini ta’minlash.
Raqamli dalillarni Reestrga kiritish prokuratura, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasining surishtiruvchi va tergovchilari hamda davlat sud-ekspertiza muassasalari, davlat organlarining ekspertiza bo‘linmalari ekspertlari tomonidan amalga oshiriladi.
Sharhlar