O‘zbekistonda 6 ta turdagi muzqaymoqda ichak tayoqchasi bakteriyalari aniqlandi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida nazorat xaridi tadbiri o‘tkazildi. Unda “X XASANBOY VA XOLOD” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabыch” nomli muzqaymoqning 7 ta turi xarid qilindi va belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan uchta laboratoriyaga topshirildi.
- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasining tasarrufidagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi laboratoriyasining xulosasiga ko‘ra, muzqaymoq qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabich” nomli muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”,“Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali” va “Plombir” turlari tarkibida ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar aniqlanganligi sababli bakteriologik ko‘rsatkichlari bo‘yicha SanPin 0366-19 talablariga nomuvofiq deb topildi.
- “TEXNOSTANDART-NEO” MChJning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabыch” nomli muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”,“Shokoladli” kabi turdagi mahsulotlar tarkibida shakar miqdori belgilangan me’yorlardan ikki barobarga ko‘pligi ya’ni, belgilangan me’yor 14,5 – 17,5 % o‘rniga 37,7 -38,1 % ekanligi ma’lum bo‘ldi, “Olma mevali” plombir mahsulotida esa aksincha saxaroza miqdori me’yordan kamligi aniqlandi.
- O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining mahsulot markirovkasi (qadog‘i) bo‘yicha bergan xulosasiga ko‘ra, qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabich” nomli muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali”, “Olma mevali” va “Plombir” kabi turdagi mahsulotlarda iste’molchiga tegishli bo‘lgan 10 ga yaqin zarur ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Mazkur holatda MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabich” nomli muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali”, “Olma mevali”va “Plombir” kabi turdagi mahsulotlari tarkibi hamda Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.
Shuningdek, o‘rganish davomida ushbu muzqaymoqlarning qadog‘ida “Muzqaymoqni iste’mol qilish vazningizni kamaytirishda, immunitetni oshirish va stressdan chiqishda yordam beradi, shuningdek, yaxshi kayfiyat taqdim etadi” degan ma’nodagi yozuvlarini tasdiqlovchi hech qanday xulosalar mavjud emasligi aniqlandi.
Amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiq mahsulotlarni iste’molchilardan qaytarib olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga yuborildi
Sharhlar