IHT davlatlari ekologik hamkorlikni kuchaytirish yoʻlida birlashmoqda

Foto: ekologiya partiya

2024-yil 16-noyabr kuni Bokuda, O‘zbekiston Milliy pavilyonida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP29 konferensiyasi doirasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) ekologik muammolar bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda IHT Bosh kotibi Asad M. Xon, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Obidjon Qudratov hamda tashkilotga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda IHT davlatlari vakillari ekologik holat yuzasidan hisobotlar taqdim etdi. Shuningdek, ekologik barqarorlikni taʼminlash va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.

“IHT mintaqasi noyob ekotizimlari va suv resurslariga boy bo‘lishiga qaramay, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari kabi xavf-xatarlar bilan yuzlashmoqda. Ushbu muammolar mintaqa davlatlarini barqaror kelajak uchun birlashishga undamoqda. O‘zbekiston ekologiya masalalarida har doim hamkorlik tarafdori bo‘lib kelgan,” — dedi Obidjon Qudratov.

Muhokamalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, cho‘llanishga qarshi kurashish va suv resurslaridan oqilona foydalanishga oid loyihalar ilgari surildi. Ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va ilg‘or texnologiyalarni almashish zarurligi taʼkidlandi.

IHTga aʼzo davlatlar ekologik muammolarga qarshi kurashda o‘zaro saʼy-harakatlarni yanada samarali muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.