7-sentyabr kuni “Toshkent – 2024” III Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumining yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Badiiy akademiyasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi vakillari, O‘zbekistondagi xorijiy elchixonalar, Badiiy akademiyasi qoshidagi ta’lim muassasalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov o‘zining tabrik so‘zlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu yil simpozium “Haykaltaroshlik, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi” mavzusiga bag‘ishlandi. Bir necha oylik mashaqqatli mehnat, boy tajriba va katta mahorat natijasida yaratilgan o‘ziga xos original g‘oyaga ega haykaltaroshlik asarlari bugungi kunda insoniyat uchun ekologik kun tartibi naqadar dolzarb bo‘lib qolganini ko‘rsatadi. Simpoziumda ishtirok etgan barcha haykaltaroshlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman”, – dedi vazir.
Simpoziumda Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Turkiya, Eron, Bolgariya, Ispaniya, Rossiya, Estoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina, Keniya kabi davlatlardan 20 nafar haykaltarosh va O‘zbekistondan 7 nafar professional haykaltaroshlar ishtirok etdi.
“Simpoziumda ishtirok etish uchun 150 nafar mahalliy va xorijlik haykaltaroshlar 600 ga yaqin loyihalarini yubordi. Ular orasidan 27 nafar eng yaxshisi tanlab olindi. Har bir haykaltaroshlik maketida tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan o‘ziga xos g‘oya o‘z aksini topgan”, — dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi Matnazar Elmurodov. – Shu bilan birga, mazkur simpozium mamlakatimizda haykaltaroshlik san’atini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, – deya qo‘shimcha qildi u.
Simpozium doirasida haykaltaroshlar global va mintaqaviy ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, shaharsozlik, aholining ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan 20 dan ortiq haykaltaroshlik ishlarini yaratdilar.
“Tabiatning ifloslanishiga birinchi navbatda insoniyat sababchi bo’lgan. Insoniyat azaldan atrof-muhitga turli yo’llar bilan zarar etkazgan. Endi bu holatga chek qo’yish, ya’ni uyg’onish vaqti keldi. Shu bois tabiat oldida tiz cho‘kib, kechirim so‘ragan inson timsolini tasvirlab, bu asarimni “Uyg‘onish” deb nomladim, – deydi eronlik haykaltarosh Shaho Rizoiy.
Tadbir so‘ngida haykaltaroshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Simpozium doirasida yaratilgan haykallar poytaxtimizning madaniy muhiti va badiiy qiyofasini shakllantirish maqsadida Toshkent shahridagi istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar va sayyohlik markazlariga, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhitni o‘rganish universiteti va Iqlim o’zgarishi (“Yashil universitet”).
Sharhlar