Ijro ishini yuritish yanada takomillashtiriladi

Foto: norma.uz

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-947-son, 28.08.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonun bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuniga iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi ariza vakolatli organga yoki mansabdor shaxsga berilguniga kadar qarzdor jismoniy shaxs energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ijro hujjatlariga ilova qilinishi kerak ekanligi haqidagi talab kiritilmoqda.

Ushbu talab bajarilmagan taqdirda, davlat ijrochisi ijro hujjatini qaytaradi.

Shuningdek, qarzdor jismoniy shaxslardan pochta xarajatlarini undirish to‘g‘risidagi sud hujjatlariga nisbatan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llaniladi.

Bundan tashqari Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, iste’mol qilingan elektr energiyasi yoki tabiiy gaz uchun qarzdorlikni undirish haqidagi sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaga iste’molchi bilan tuzilgan shartnoma, penya hisoblanishi haqidagi va iste’molchini tegishli energiya resurslari tarmoqlaridan uzish to‘g‘risidagi ogohlantirish ko‘rsatilgan, qarzni to‘lash haqidagi talab, ushbu talab iste’molchiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilingan holda, shuningdek iste’molchi tegishli energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerakligi to‘g‘risida talab kiritilmoqda.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.