2 oy ichida xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalarga yordam berish davom etmoqda, deb xabar qiladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Oktabr oyining dastlabki kunlarida Ichki ishlar, Tashqi ishlar va Sog’liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yana 4 nafar bola O‘zbekiston Respublikasiga qaytarildi. Ularning 3 nafari Turkiyadan, 1 nafari Rossiya Federatsiyasidan olib kelindi. Bunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalarni joylashtirish va ularni oilalariga yoki yaqin qarindoshlariga qaytarish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi.
Xususan, 2 nafari ota-onasiga, 1 nafari xolasining vasiyligiga topshirish bo’yicha rasmiylashtirildi, 1 nafar bola bo‘yicha vaziyat baholanmoqda va onasi Rossiya Federatsiyasidan qaytgunigacha vaqtinchalik vasiylikni rasmiylashtirish uchun yaqin qarindoshlari aniqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, avgust-sentabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekiston Respublikasiga qaytarildi.
O‘tgan davr mobaynida jami 89 nafar O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarolari qaytarildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ularga o‘zlarining yashash manziliga yaqin “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bir qator ijtimoiy xizmatlar, jumladan, bolalarning o‘zlari va ularning oila a’zolariga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Sharhlar