Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishi kuchaytiriladi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O’RQ-977-son, 18.10.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatishga, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilashga, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi, shuningdek o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, shuningdek vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi ma’lumotlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etilishi belgilanmoqda.
Sharhlar