Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi farmon qabul qilindi
“Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-111-son, 16.08.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-oktyabrdan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholashning soddalashtirilgan va kengaytirilgan tartibi joriy qilinadi.
Bunda:
soddalashtirilgan tartibda loyiha ishlab chiqilishidan oldin quyidagi tartibga solish vositalari baholanadi va baholash natijalari yuzasidan Adliya vazirligining dastlabki xulosasi olinadi;
jismoniy va yuridik shaxslarga majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash, ularni o‘zgartirish yoxud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni ta’minlash bilan bog‘liq ta’sir choralarini qo‘llash;
tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz, preferensiya va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlarini joriy qilish, ularning ta’sir doirasini kengaytirish yoki qisqartirish;
kengaytirilgan tartibda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari baholanadi:
soddalashtirilgan baholash natijalari bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’siri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar;
Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda baholash sohasidagi vakolatli organlar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning taklifiga ko‘ra kengaytirilgan baholashdan o‘tkazilishi lozim deb topilgan loyihalar.
Farmonga ko‘ra, 2025-yildan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:
ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, huquqiy normalarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjat kuchga kirgandan so‘ng:
- normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilishini tahlil qilish, uning ijrosini ta’minlash hamda baholash uchun statistik ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida har yili mas’ul davlat organi tomonidan monitoring olib boriladi;
- normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilganligi va samaradorligini aniqlash maqsadida qonunosti hujjatlari har 3 yilda mas’ul davlat organi tomonidan baholashdan o‘tkaziladi;
- qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda uning monitoringi va baholashdan o‘tkazilishiga mas’ul bo‘lgan davlat organi ko‘rsatiladi;
- qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat monitoringi va baholash natijalari majburiy ravishda Adliya vazirligiga taqdim etiladi hamda mas’ul davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi;
- qonunchilik hujjatlarining huquqiy monitoringi tartibga solish ta’sirini baholash doirasida o‘tkaziladi;
- qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash hamda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha kompleks reja har yili Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
- kompleks reja ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi hisoboti Vazirlar Mahkamasi va Prezident Administratsiyasiga taqdim etib boriladi.
Sharhlar