O‘zbekistonda ilk nemis universitetini ochish masalasi muhokama qilindi
Joriy yilning 15-avgust kuni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Manfred Xuterer bilan uchrashdi.
“Men uchun mamlakitingizda elchi bo‘lib xizmat qilish katta sharaf. O‘zbekiston Respublikasida faoliyatim davomida barcha sohalar qatorida ta’lim, ilm-fan yo‘nalishlarida bir qator muhim ishlarni amalga oshirishimizga ishonaman”, – dedi janob elchi.
Vazir Q.Sharipov, Manfred Xutererni yangi lavozimi bilan tabriklab, hamkorlikdagi ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi.
“Germaniya doimo biz uchun muhim sherik bo‘lib kelgan. Bugungi kunda o‘zaro talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, yosh olimlarning Germaniyada ilmiy stajirovkalarini tashkil etish muhim yo‘nalishardan biridir. Shuningdek, Germaniya tomon bilan O‘zbekiston Respublikasida ilk nemis universitetini tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilaman”– dedi vazir.
Tomonlar muhandis-texnika mutaxassislarini tayyorlashda o‘zaro ta’lim dasturlarini joriy qilish, Germaniya Federativ Respublikasidan tajribali olimlarni O‘zbekistonga taklif qilish, dolzarb global muammolar yechimiga qaratilgan o‘zaro ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.
Sharhlar