“Ilon o‘yini” tomoshasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlandi

Foto: ochiq manba

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilar ko‘z o‘ngida bo‘g‘ma ilon ishtirokida “ilon o‘yini” tomoshasi namoyish etilgani aks etgan video alohida nazoratga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmanining murojaati asosida Ichki ishlar vazirligi tomonidan tekshiruv o‘tkazildi.

Holat tafsilotlari:

  • 2024-yil 24-oktabr kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasida, Ishtixon tumanida yashovchi B.M. va I.B.lar tarbiyalanuvchilar oldida uzunligi 2,5 metr bo‘lgan, Qizil kitobga kiritilgan bo‘g‘ma ilon (yo‘lbars pitoni) bilan sirk tomoshasini tashkil etgani aniqlandi.
  • B.M.ga tegishli MCHJning zamonaviy sirk tomoshalarini o‘tkazishga ruxsatnomasi mavjud bo‘lsa-da, mazkur ruxsatnoma doirasida “ilon o‘yini” ko‘zda tutilmagan.
  • B.M. va I.B. tomonidan ushbu noqonuniy tomosha Qo‘shrabot tumanidagi yana 8 ta maktabda o‘tkazilgan bo‘lib, jami 840 nafar o‘quvchi tomoshabin sifatida qatnashgan.

Ilonning taqdiri:
Noqonuniy saqlangan yo‘lbars pitoni 2024-yil 26-noyabr kuni mutaxassislar ishtirokida hujjatlashtirilib, viloyat Ekologiya boshqarmasiga topshirildi.

Hozirgi holat:
Mazkur voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda va qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘riladi.

Bolalar ombudsmani o‘z kuzatuvi doirasida ta’lim muassasalarida xavfsizlikni ta’minlash, noqonuniy tadbirlarni oldini olish va bu kabi holatlarni tashkil etgan shaxslarga tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.