Imom Buxoriyning yana bir asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi

Foto: Kun.uz

Hadis ilmining sultoni – Imom al-Buxoriyning islom olamida mashhur bo‘lgan “Xalqu af’olil ibod” (bandalarning amallarini Alloh yaratishi) asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Diniy qo‘mitaning dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilgan asar “Vaqf” fondiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan nashr etiladi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari asar tarjimasi va sharhini tayyorlash bo‘yicha ikki yil davomida chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan. Kitob Imom Buxoriy davrida islom ta’limotini buzib talqin qilgan bid’atchi oqimlarning da’volariga qarshi yozilgan qat’iy ilmiy raddiyalardan iborat. Bu haqda 26 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda ilmiy-markaz axborot xizmati rahbari Sherzod Mamatov ma’lum qildi.

Muallif “Xalqu af’olil ibod” kitobini umri oxirlab qolganda – 870 yilda yozgan. Unda Qur’on oyatlari, hadisi shariflar va ulamolarning so‘zlaridan mazkur masala (bandalarning amallarini Alloh yaratishi) bo‘yicha aniq dalillar keltirilgan. Kitobga jami 628 hadis kiritilgan. O‘quvchiga oson va tushunarli bo‘lishi uchun tarjima chog‘ida 257 ta izoh va sharh, 248 ta anglatma yozildi”, — deyiladi xabarda.

Asar Musulmonlar idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazining yetakchi mutaxassislari tomonidan tahrir qilindi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilgan Imom Buxoriyning “Xalqu af’olil ibod” asari “Vaqf” fondiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan nashr etilishi aytilmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan shu vaqtga qadar allomaning “Sahihul Buxoriy”, “At-Tarixus sog‘ir“, “Birrul volidayn” kabi asarlari o‘zbek tiliga o‘girildi. Ulamoning qolgan asarlarini ham tarjima qilish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.