Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi
“Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-292-son, 15.08.2024-y.) qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil oktabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.
Tadbirni yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi:
- Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish;
- 2024-yil oktabr oyida Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda konferensiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish.
2024-yil sentabr-oktabr oylarida Termiz davlat universiteti va O’zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi.
O’zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etildi.
Sharhlar