Intellektual mulk huquqlarini buzish 340 million soʻmgacha tovon puli toʻlanishiga sabab boʻladi
21-iyun kuni Oliy Majlis Senatining 53-yalpi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi.
Qonunda tovar belgisi, firma nomi, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlarida huquq egasi huquqbuzardan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan (6,8 mln soʻm) 1000 baravarigacha (340 mln soʻm) tovon toʻlashni talab qilish huquqiga ega boʻladi.
Tovon huquqbuzarlik holatlarida huquq egasiga yetkazilgan zararning qoplanishi oʻrniga talab qilinishi mumkin. Tovon toʻlanishini talab qilishda zarar yetkazilganlik faktini isbotlash talab etilmaydi.
Shuningdek, qonunda Internet tarmogʻidagi axborot resurslari (veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar va boshqa) egalarining oʻzlari yuritayotgan axborot resursida intellektual mulk huquqlarining buzilishini oldini olish, bunday resurslarda sodir etiladigan sohaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarliklarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Qonunchilikdagi ushbu oʻzgarishlar intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarning oldiniga olishga, intellektual mulk egalarining oʻz huquqlarini samarali himoya qilishga imkon yaratadi.
Sharhlar