Investitsiya hisobiga tashkil etilgan ayrim korxonalar ishlamayapti
Prezident investitsiya va tashqi savdo, qishloq xo‘jaligi komplekslaridagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
O‘tgan olti oyda iqtisodiyotga 15,5 milliard dollar xorijiy, shundan 14 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritildi. O‘sish esa – 2,1 barobar. Biroq, har bir dollar investitsiya hisobiga yaratilgan qo‘shilgan qiymat ko‘rsatkichi barcha tarmoq va hududlarda ham qoniqarli emas.
Bu to‘qimachilik, charm, farmatsevtika tarmoqlarida, Sirdaryo va Buxoroda 2 dollarga, Toshkent shahri, Surxondaryo, Jizzaxda esa 2,5 dollarga yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi. Yoki, har 1 ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumini o‘rtacha 600 dollarga oshirgan bo‘lsa, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax va Surxondaryoda bu 300 dollardan kam.
Mutasaddilarga investitsiya loyihalari dasturini shakllantirishda ularni puxta tahlil qilish, qo‘shilgan qiymatni karrasiga oshiradiganlarini kiritish topshirildi.
Shuningdek, so‘nggi ikki yilda chetdan kelgan, biroq haligacha o‘rnatilmagan 183 million dollarlik uskunalarni to‘liq ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Viloyat hokimlari, tarmoq rahbarlariga erkin iqtisodiy zonalardagi ishlab chiqarishni kamaytirgan korxonalar bilan manzilli ishlash topshirildi.
Investitsiya hisobiga tashkil etilgan ayrim korxonalar hozirda ishlamayotgani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan har bir loyiha bilan yakka tartibda ishlash, muammosini hal qilishga ko‘maklashish shartligi qayd etildi.
Sohalar rivoji uchun Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasidan berilgan 650 million dollar arzon resurs, banklarda xorijdan jalb qilingan 1 milliard dollar mablag‘ ishlatilmasdan turgani ko‘rsatib o‘tildi. Yil yakunigacha bu mablag‘lardan to‘liq foydalanib, loyihalarni amalga oshirish topshirildi.
Joriy yilda sanoat zonalari infratuzilmasi uchun 1,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Buning hisobidan sanoat zonalaridagi 79 ta infratuzilma obyektlarini to‘liq foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.
Hududlardagi yirik loyihalarni infratuzilmaga ulashni tezlashtirish maqsadida qiymati 200 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan loyihalar uchun infratuzilma qurib berish tartibini soddalashtirish zarurligi qayd etildi.
Sharhlar