Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etiladi

Foto: daryo.uz

14-oktabr kuni “2024–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-155-son) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2024–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha samaradorlikni oshirish uchun quyidagilar davlat kosmik monitoringining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va bunday yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash;
  • o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish;
  • geologiya sohasida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash;
  • mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarini, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash;
  • suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishini, suv sathi rejimini monitoring qilish;
  • qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv iste’moli hajmlarini aniqlash.

2025-yil 1-martdan yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil “Geomonitoring” axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.