Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 18 nafar imom va noiblar ishdan olingan
11-sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Toshkent shahar imom-xatiblarining tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tanqidiy masalalar muhokamasida ayrim imom-domlalar zimmasidagi birlamchi vazifasiga jiddiy yondashmayotgani, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashda yetarli sa’y-harakat qilmayotgani va ijro intizomidagi nuqsonlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalar, mehnat shartnomalari talablari va lavozim yo‘riqnomalariga rioya etmayotgan imom-domlalarga chora ko‘rilgani aytildi.
2024-yilning o‘tgan sakkiz oyida mana shunday xato-kamchiliklarni sodir etgan, din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgani hamda 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga esa hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangani ma’lum qilindi.
Yig‘ilish yakunida berilgan topshiriqlar yuzasidan reja ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash vazifalari yuklandi.
Sharhlar