O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida ishlar boshlanadi
“O‘zatom” agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi va “Atomstroeksport” AJ o‘rtasida O‘zbekistonda bo‘lajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida ishlarni boshlash to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi, deb xabar bermoqda O’zA.
Mazkur hujjatning imzolanishi qurilish maydonchasida loyihani amalga oshirish uchun tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash ishlarini amalga oshirishning faol bosqichga o‘tishini ta’minlaydi.
–Imzolangan hujjat O’zbekistonda birinchi kam quvvatli AES qurilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha faol ishlarni boshlashga qadam tashlaganimiz dalolatidir. Bu esa yaqin kelajakda qurilish maydonchasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlarni boshlash imkonini beradi, – dedi “O’zatom” agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi direktori Otabek Omonov.
Qayd etilganidek, AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar iyun oyida boshlangan. Unda bo‘lajak atom elektr stansiyasi qad rostlaydigan maydonda birinchi qurilish Shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash imkonini beradigan ustuvor vazifalar belgilab olingan edi. Avgust oyining oxirida atom elektr stansiyasi quruvchilari uchun vaxta shaharchasini yaratish ishlari boshlandi.
Bu atom elektr stansiyasi faoliyat yuritayotgan hududni an’anaviy kompleks rivojlantirish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Ushbu hududda madaniy-ma’rifiy loyihalar, tibbiyot tashkilotlari paydo bo‘ladi, aholi yashash punktlari odamlarni yashashga, sanoat korxonalari va tijorat tashkilotlarini esa mehnatga jalb qilishi kutilmoqda.
–Bugun imzolangan bayonnoma tomonlarning normativ va moliyaviy majburiyatlari nuqtai nazaridan ustuvor shartlarning bajarilishini belgilab beradi. “Rosatom”ning muhandislik bo‘limi kam quvvatli AESni joylashtirish uchun litsenziya olish va qurilish maydonchasida qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha faol bosqichga o‘tishni boshlaydi, – dedi “ASE” OAJ Markaziy Osiyoda atom elektr stansiyalarini qurish loyihalari direktori Pavel Bezrukov.
Mazkur hujjat O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari – Xalqaro faoliyat bloki direktori Nikolay Spasskiy ishtirokida imzolandi.
Sharhlar