Ispaniya qurilish sektoriga O’zbekistondan ishchilar jalb qilinadi
O’zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniya Quruvchilar milliy uyushmasi prezidenti Pedro Fernandes Alen bilan muzokara o’tkazdi.
Unda O’zbekiston va Ispaniya o’rtasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish va ushbu mamlakat qurilish sektoriga mamlakat fuqarolarini ishga jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xorij tomoniga so’nggi yillarda mamlakatda tartibli va xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning haqida so’zlab berildi. Shuningdek, fuqarolarni xorijiy ish beruvchilari talablariga ko’ra, turli sohalarda o’qitish va malakasini oshirish bo’yicha yaratilgan shart-sharoitlar ta’kidlandi. O’zbekiston va Yevropaning yetakchi mamlakatlari o’rtasida ushbu yo’nalishda aniq natijalarga erishilgani urg’ulandi.
O’z navbatida, Pedro Fernandes Alen O’zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi. Uning aytishicha, O’zbekiston fuqarolari uchun xorijiy mamlakatlarda xavfsiz va tartibli mehnat faoliyatini olib borish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi rivojlanayotgan davlatlarning ijobiy ko’rsatgichlaridan biri hisoblanadi.
Quruvchilar milliy uyushmasi prezidenti Ispaniyada qurilish sohasida katta rejalar borligini, xususan 200 mingta davlat ko’chmas mulk obyektlarini barpo etish hamda ushbu binolarni qurish uchun 700 ming nafar ishchilarni jalb qilish ko’zda tutilganini ma’lum qildi.
Muzokaralar yakunida ushbu yo’nalishda hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Sharhlar