Ispaniyada yangi suv toshqini ehtimoli munosabati bilan favqulodda holat e’lon qilindi

фото: rbc.ru

Ispaniyaning sharqi va janubidagi bir qancha hududlarda suv toshqinining yangi tahdidi tufayli evakuatsiya ishlari boshlandi. Bu haqda The Guardian nashri xabar beradi.

Andalusiyaning Malaga va Granada provinsiyalarida maktablar yopilgan, qirg‘oqbo‘yidagi 3 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan. Madrid, Malaga va Valensiya o‘rtasidagi tezyurar temir yo‘l qatnovi to‘xtatilgan. Malagadan bir nechta reyslar bekor qilingan, ba’zi samolyotlar boshqa aeroportlarga qo‘nishga yo‘naltirilgan.

Kataloniyada ham favqulodda holat e’lon qilingan, rasmiylar odamlarni ehtiyot bo‘lishga chaqirgan. Valensiyada ogohlantirish darajasi to‘q sariqdan qizilgacha ko‘tarilgan. Aholiga uylarini tark etmaslik va masofadan turib ishlash tavsiya qilingan.

Atigi ikki hafta oldin Valensiya provinsiyasida sodir bo‘lgan suv toshqini 220 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan edi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.