Isroilni G‘azodagi majburiy ko‘chirishlar bo‘yicha harbiy jinoyatlarda ayblanmoqda
HRW hisobotida Isroil hukumati tomonidan Falastin xalqining G‘azoda majburiy ko‘chirib yuborilishi ko‘lamining harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar darajasiga yetgani ta’kidlandi. Bu hisobot xalqaro va insonparvarlik tashkilotlarining qamal holatidagi hududda yuzaga kelgan gumanitar inqiroz borasida bergan so‘nggi ogohlantirishlaridan biri. Holat bo’yicha Reuters xabar bermoqda.
Hisobotda aytilishicha, majburiy ko‘chirishlar keng miqyosda bo‘lib, bu jarayon davlat siyosatining bir qismi sifatida tizimli tarzda amalga oshirilgan. Bu kabi harakatlar insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida talqin qilinishi mumkinligi qayd etilgan.
Isroil harbiylari yoki tashqi ishlar vazirligi bu borada hozircha izoh bermagan bo‘lsa-da, avvalgi bayonotlarida ular bu kabi ayblovlarni rad etgan va o‘z kuchlarining xalqaro qonunchilikka mos tarzda harakat qilishini ta’kidlashgan.
Harbiy to‘qnashuv qonunlariga ko‘ra, fuqarolik aholisi majburiy ravishda ko‘chirib yuborilishi faqat xavfsizlik nuqtayi nazaridan yoki harbiy zaruriyat asosida amalga oshirilishi mumkin.
Human Rights Watch xabariga ko‘ra, Isroil kuchlari bu harakatlarni G‘azo shimolidagi hududlarda doimiy bufer zonalarni tashkil qilish maqsadida amalga oshirmoqda va bu holat “etnik tozalash” sifatida talqin qilinishi mumkin.
Isroil hukumati esa bu kabi doimiy bufer zonalarni tashkil qilishga intilmayotganini bildirdi va Tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning so‘zlariga ko‘ra, urush tugaganidan keyin G‘azo shimolidan ko‘chirilgan falastinliklar o‘z uylariga qaytishiga ruxsat beriladi.
Sharhlar