Iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi, Xonobod shahar bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan “M.” MCHJ qarashli oziq-ovqat do‘koni sotuvchisi M.M. xaridorga 4 dona alkogol va 1 quti tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo do‘konidan tegishli hujjatlari bo‘lmagan jami 2 325 dona iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Buxoro tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “M.S.” oilaviy korxonasi hamda Shofirkon tumanidagi “K.G.” MCHJga qarashli savdo do‘konlarida 7 turdagi jami 1 028 dona qalbaki aksiz markali alkogol va 185 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.M. “Cobalt” rusumli avtomashinasida To‘rtko‘l tumanida yashovchi fuqarodan qo‘lbola usulda tayyorlangan 780 dona “Qarataw” nomli alkogol mahsulotlarini o‘tkazish maqsadida olib kelgan vaqtida ushlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Sharhlar