Surxondaryoda 1 tonnadan ortiq iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari yo‘q qilindi
Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan “Darband” YPX maskanida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida, joriy yilning 7-may kuni soat 07:10 larda Denov-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Denov tumanida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro M.Sh. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina ham to‘xtatilib yukxonasi tekshirilganida biror bir tegishli veterinariya hujjatlarisiz 140 (bir yuz qirq) kg yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotganligi aniqlangan.
Shuningdek, 7-may kunidan 8-may kuniga o‘tar kechasi soat 02:30 larda shu yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Denov tumanida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatilib yukxonasi tekshirilganda hech qanday veterinariya xujjatlarisiz 475 (to‘rt yuz yetmish besh) kg yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotganligi aniqlangan.
Aynan shu maskanda reyd tadbiri davom ettirilib, soat 02:50 larda Sho‘rchi-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Sho‘rchi tumanida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro N.J. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina yukxonasi tekshirilganda tegishli veterinariya xujjatlarisiz 400 (to‘rt yuz ) kg yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Yuqorida aniqlangan holatlar bo‘yicha go‘sht mahsulotlarining iste’molga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini tekshirish maqsadida, viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasiga taqdim etilganida, iste’molga yaroqsiz ekanligi aniqlanib go‘sht egalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan ma’muriy bayyonnoma rasmiylashtirilib, go‘sht mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilingan.
Ta’kidlanishicha, inson sog‘ligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan go‘sht mahsulotlarining bir sutkalik reyd tadbiri davomida aniqlangan holati 1.015 (bir tonna o‘n besh) kilogramni tashkil etib tegishli tartibda yo‘q qilingan. Bu boradagi reyd tadbirlar davom ettirilmoqda.
Sharhlar