Respublikadagi 600 dan ortiq IT-ta’lim markazlarida 65 ming nafardan oshiq yoshlar tahsil olmoqda
Ayni vaqtda respublikamizda 600 dan ortiq IT-ta’lim markazlarida 65 ming nafardan oshiq yoshlar tahsil olmoqda. AOKAda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi rahbariyati ishtirokidagi matbuot anjumanida IT ta’lim olishda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
“IT iste’dod” dasturi – IT-Park rezidenti bo‘lgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalarga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab beruvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish hamda kengaytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan loyiha sanaladi.
Qarorga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha ya’ni 25 milliongacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi ishga joylashganda esa 105 baravarigacha ya’ni 35 milliongacha bir martalik subsidiya ajratiladi.
IT-Park rezidenti bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya berish uchun maxsus axborot tizimi (crm.digital.uz) yaratilgan bo‘lib, joriy yilning mart oyida ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib, ushbu maxsus axborot tizimidan 485 dan ziyod ta’lim rezidenti ro‘yxatdan o‘tgan hamda o‘zlarining 1 281 ta o‘quv kursi bo‘yicha ma’lumotlarni kiritgan.
Ushbu kurslarni 26 800 ta o‘quvchi muvaffaqiyatli bitirgan va hozirgi kunda 5 600 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim olib kelmoqda. Bitiruvchilarning 11 000 nafardan ziyodi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ulardan 467 nafari IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlarda ishlamoqda.
Subsidiya olish uchun o‘quv markazi dastlab o‘z talabalari haqida ma’lumotni CRM sistemaga joylashtiradi. O‘quv markazning IT yo‘nalishidagi kursini tamomlagan bitiruvchisi uch oy muddatda IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashib uzluksiz olti oy ishlashi kerak.
2024 yil hozirgi kunga qadar 750 nafarga yaqin yoshlarning 2.6 mlrd. so‘mga yaqin miqdoridagi xalqaro IT-sertifikat uchun sarf qilingan xarajatlari qoplab berildi.
Sharhlar