Izboskandagi yog‘ ishlab chiqarish sexidan 1,6 mlrd so‘mlik iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlari topildi

Фото: Department_uz

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi, Izboskan tuman bo‘limi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “F.s.”, “A.i.”, “A.V.” va “A.l.” MCHJlar rahbari A.T. Izboskan tumani, “Qo‘g‘ay” MFY hududidagi yog‘ ishlab chiqarish sexida tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 1,6 mlrd so‘mlik 65 turdagi jami 74 577 dona alkogol mahsulotlarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan. Bu haqda Departament matbuot xizmati yozmoqda.

“O‘tkazilgan ekspertiza xulosalariga ko‘ra, 1 052 dona alkogol mahsulotining aksiz markalari qalbakiligi, 72 268 dona alkogol mahsuloti iste’molga yaroqsiz ekanligi, shuningdek Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yurituvchi “A-sh.”, “B.g.” hamda “Z.v.” MCHJlardan sotib olingan 29 turdagi 31 060 dona alkogol mahsulotining “QR-kod” markirovkalari haqiqiy emasligi qayd etilgan”, – deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi “B.g.” MCHJ mas’ul shaxslari litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat bilan litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatib kelayotganliklari fosh etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.