Jahon futboli yulduzlari MOQda mehmon boʻlishdi
O’zbekistonda oʻtkazilayotgan Yoshlar forumi doirasida futbol yulduzlari Dida, Kristian Panuchchi, Kristian Zakkardo va Serjinyo poytaxtda mehmon boʻlib turishibdi. Bugun mazkur charm toʻp ustalari Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurishdi.
Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov qarshi oldilar. Mutasaddilar futbol yulduzlariga shonli tarixga ega oʻzbek sporti, atletlarimizning Olimpiya oʻyinlarida erishgan natijalari va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarligi haqida maʼlumot berishdi.
“Uchrashuv yakunida mehmonlar MOQdagi martabali mehmonlarning tashrif kitobiga oʻzlarining samimiy dil-izhorlarini yozib ketishdi. Rejaga koʻra, bugun soat 17:00 da “Bunyodkor” stadionida ular ishtirokida matbuot anjumani tashkil etiladi”, – deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, braziliyalik Dida 2002-yilgi jahon chempioni, Italiyaning “Milan” klubi bilan ikki bor Yevropa chempionlar ligasi (YECHL) gʻolibi sanaladi. Shuningdek, boshqa bir braziliyalik futbolchi Serjinyo ham “Milan” bilan ikki bor YECHLda zafar quchgan. Italiyalik Kristian Zakkardo 2006-yilgi jahon chempioni, Kristian Panuchchi esa “Milan” va “Real Madrid” klublari bilan YECHLda zafar quchgan taniqli futbolchilar hisoblanishadi. Futbol yulduzlari tashrif davomida mamlakatdagi yosh futbolchilar bilan uchrashib, oʻzlarining boy tajribalari bilan oʻrtoqlashishi koʻzda tutilgan.
Sharhlar