O‘zbekistonlik qiz Germaniyada nemis tili bo‘yicha jahon olimpiadasida g‘olib bo‘ldi
Germaniyaning Gyottingen shahrida 15—22-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan nemis tili bo‘yicha Jahon olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi, deb xabar bermoqda DW. Tegishli til darajalari bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik Rayyona Ibrohimova, bangladeshlik Mahek Xon va shimoliy makedoniyalik Ana Kotevska bo‘lishib oldi.
“Kumush” va “bronza”ni Meksika, Italiya, Slovakiya, Polsha va Britaniyadan kelgan maktab o‘quvchilari qo‘lga kiritdi. Olimpiadaning final bosqichida 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Raqobatchilar orasida 62 davlat vakillari bor edi.
Gyote instituti xabariga ko‘ra, 16 yoshli Rayyona Germaniyadagi universitetlardan birida german filologiyasi yo‘nalishida tahsil olish va kelajakda tarjimonlik bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan. Xalqaro tanlovning final bosqichiga chiqish uchun u boshqa ishtirokchilar singari milliy saralash tanlovida g‘olib bo‘ldi.
Sharhlar