Toshkentga iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi tashrif buyurdi
Poytaxtimizga iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda O’zA.
“Yangi O’zbekiston” universitetining Yosh iqtisodchilar jamiyati tomonidan fransiyalik olim, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol bilan 14-oktabr kuni ochiq ma’ruza tashkil etiladi.
Ochiq ma’ruzada olim eng dolzarb va qiziqarli mavzulardan hisoblangan “Xalq farovonligiga erishish” haqida o‘z izlanishlari bilan o‘rtoqlashadi.
Jan Tirol 1980-yillardan boshlab iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida, bankdan telekommunikatsiya va raqamli platformalargacha bo‘lgan sohalarda monopoliyaga qarshi tartibga solish nazariyasini ishlab chiqdi.
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olish yuksak e’tirofning belgisidir va ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan Jan Tirol jahon iqtisodiy tafakkuri elitasiga kiradi. Pol Samuelson, Vasiliy Leontev, Leonid Kantorovich va Moris Alle kabi nomlar qatorida hozirda Tirol nomi ham munosib o‘rin egallaydi.
U 1988-yilda bozor iqtisodiyoti va uni tartibga solish masalalariga oydinlik kiritgan ishlari uchun iqtisodiyot bo‘yicha 45-Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi.
Jan Tirol – Tuluza universiteti (Fransiya) professori va sanoatni tashkil etish sohasida dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri. U o‘z ishida kompaniyalarning oligopolistik bozorlarda o‘zini qanday tutishi va to‘g‘ri tartibga solinmagani narxlarning oshishi va raqobatni bostirish kabi salbiy ijtimoiy oqibatlarga olib kelishini tahlil qiladi.
Jan Tirol o‘z faoliyatini muhandis va iqtisodchi sifatida boshlagan. U Fransiya milliy ko‘priklar va yo‘llar maktabida ishlagan. Shuningdek, Massachuset texnologiya institutida dars bergan. Ushbu oliygohda u Rossiya loyihalarida, jumladan, Skolkovo innovatsion markazida hamkorlik qildi. Bu uning innovatsiyalar iqtisodiyotini chuqur tushunishini aks ettirdi.
Tirolning “Bozorlar va bozor kuchi: sanoat tashkiloti nazariyasi” nomli asosiy asari 1988-yilda nashr etilgan bo‘lib, 26 yildan so‘ng shu ishi uchun Nobel qo‘mitasi unga mukofotni topshirgan. Ushbu tadqiqot kompaniyalarning monopolistik xatti-harakatlarini va raqobatni himoya qilish uchun tartibga solish zarurligini tushunishga muhim hissa qo‘shdi.
U o‘z kitobida foydani ko‘paytirish mexanizmlari va monopolistik amaliyotlarni, shuningdek, ushbu hodisalarga qarshi kurashish usullarini tahlil qiladi.
Tirolning ilmiy faoliyati 100 dan ortiq nashr etilgan asarlarni qamrab oladi, ularning aksariyati Nobel mukofotini olishdan oldin ham mashhur bo‘lib ketgan. Uning darsliklari dunyoning ko‘plab universitetlarida, jumladan, Fransiya, AQSh va Buyuk Britaniyada qo‘llaniladi. Uning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki raqobat siyosati bilan shug‘ullanuvchi amaliyotchilar tomonidan ham e’tirof etiladi.
Tirol o‘z ishida monopoliyani suiiste’mol qilishning oldini olish uchun ehtiyotkorlik bilan tartibga solish zarurligini ta’kidlaydi. Bu ayniqsa, zamonaviy texnologiya kompaniyalarining o‘sishi va ularning jahon iqtisodiyotiga ta’siri sharoitida muhim ahamiyatga ega.
Bugun mashhur olim poytaxtimizdagi tarixiy maskanlar, diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirdi.
– O’zbek diyoriga kelganimdan g‘oyat mamnunman, – dedi Jan Tirol. – O’zbek xalqining buyuk o‘tmishi va madaniyati namunalari menda g‘oyat ulkan taassurot qoldirdi.
Jan Tirol Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo universitetlari forumi tadbirlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
Sharhlar