Prezident sovg‘a qilgan Tahoe’da tezlikni oshirib harakatlangan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev jarimaga tortildi
Tahoe avtomobilini boshqarib, Toshkent markazida soatiga 110 km tezlikda harakatlangan 2024-yilgi Olimpiya o‘yinlarining boks bo‘yicha chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevga chora ko‘rildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB xabar bermoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqam belgisi 01 Z 001 ZZ bo‘lgan Tahoe rusumli transport vositasi haydovchisi yuqori tezlikda (110 km/s) harakatlanganligi aks etgan videolavha tarqalgan. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan haydovchi 2001-yilda tug‘ilgan M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 128 prim 3-moddasi 3-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib haydovchi bilan profilaktik suhbat olib borildi, deyiladi xabarda.
Ushbu moddaga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi BHMning besh baravari miqdorida (3 million 60 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, bokschi o‘z Instagram’iga yo‘l harakati qoidalarini buzayotgani aks etgan videoni joylagan va keyinroq uni o‘chirib tashlagan edi.
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Fransiyaning Parij shahrida yozgi Olimpiada bahslarida boks musobaqalarida g‘olib bo‘lib, oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Oltin medal sohiblariga prezident sovg‘asi sifatida 200 ming AQSH dollari, ikki qavatli kottedj bilan birga Tahoe avtomobili sovg‘a qilingan.
Sharhlar