Jigar uchun foydali bo‘lgan 10 ta mahsulot nomi e’lon qilindi

Foto: SSV

Jigar – inson organizmidagi eng muhim organlardan biri. U qonni zararli moddalardan tozalab, tanada vitamin va minerallarni saqlaydi. Shuningdek, yallig‘lanishni nazorat qilib, energiya ishlab chiqaradi.

Quyida jigar uchun eng foydali bo‘lgan 10 ta mahsulot haqida ma’lumot berilgan:

Qovoq – bu mahsulot beta-karotinning boy manbai hisoblanib, ushbu modda jigarni himoya qilishga yordam beradigan kuchli antioksidant hisoblanadi. Undagi S, Ye, kaliy, magniy va temir kabi muhim vitamin va minerallar jigar faoliyatini yaxshilaydi va uning himoya mexanizmlarini mustahkamlaydi.

Qovoqda ko‘p miqdorda suv va tola bo‘lib, ular jigarni tozalashga yordam beradi va zararli moddalarni organizmdan chiqarib tashlashni tezlashtiradi. Shu bilan birga, yog‘ miqdori kam va past kaloriyali bu mahsulot jigarga ortiqcha yuk tushishining oldini oladi.

Turshak. U jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi. Turshak tarkibidagi silimarin moddasi ushbu organni mustahkam himoyalaydi.

Sut mahsulotlari. Yogurt, qatiq va boshqa sut mahsulotlari probiotiklarga boy. Ular ichak mikroflorasini muvozanatlashtirishga yordam beradi. Hazm tizimi yaxshi ishlasa, jigarga tushadigan yuk kamayadi. Natijada organizm toksinlarni tez va samarali chiqarib tashlaydi.

Brokkoli. Jigar uchun foydali bo‘lgan ushbu sabzavot antioksidantlarga boy. Undagi sulforafan moddasi jigarni zararli moddalardan himoyalab, yallig‘lanish jarayonlarini sekinlashtiradi.

Qolaversa, brokkoli diindolilmetan va glyukorafanin kabi tabiiy birikmalar bilan jigar holatini yaxshilaydi. Bu moddalar saratonga qarshi xususiyatlar bilan bog‘liq va tabiiy detoksikatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi.

Zaytun yog‘i. U antioksidantlarga boy va jigarni erkin radikallardan asraydi. Undagi olein kislotasi yallig‘lanishni kamaytirib, jigar hujayralarini himoya qiladi. Shuningdek, zaytun yog‘i organizmdagi “yomon” xolesterinni kamaytirib, “yaxshi” xolesterinni oshiradi.

 Yog‘li baliqlar. Ushbu mahsulot omega-3 yog‘ kislotalariga boy bo‘lib, jigardagi yallig‘lanishni kamaytiradi. Undagi D, V12 vitaminlari, selen va yod moddasi organ faoliyatini yaxshilaydi. Qolaversa, yog‘li baliqlar sifatli protein manbai hisoblanadi. Protein esa jigar hujayralarining tiklanishi va yangilanishida muhim hisoblanadi.

Qizil lavlagi. Uning tarkibidagi betanin moddasi jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi.

 Yong‘oqlar. Bodom va yong‘oq omega-3 yog‘ kislotalari va Ye vitaminiga boy. Ular jigarni zararli moddalardan himoya qilib, yallig‘lanishni kamaytiradi.

Sarimsoq piyoz. Ushbu mahsulot jigarni detoksikatsiya qilishga yordam beradi. Oxirgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, u semirishning oldini oladi va tana vaznini kamaytirishga yordam beradi.

Suli yormasi. Yuqori darajada tolalarga boy bo‘lgan ushbu mahsulot hazm qilish tizimini yaxshilab, toksinlarni organizmdan chiqarishga yordam beradi. Bu esa jigarga tushadigan yukni kamaytirib, uning faoliyatini yaxshilaydi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.