Samarqandda 16 yoshli bolaga tog‘asi jismoniy tazyiq o‘tkazib kelayotgani aniqlandi
Bolalar ombudsmaniga Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanida yashovchi voyaga yetmagan B.M. (2008-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) ning murojaati kelib tushdi.
Murojaatda B.M. Pastdarg‘om tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinfida o‘qishini, ota-onasi ajrashganligini, akasi Rossiya Federatsiyasida o‘qiyotganligi sababli onasi ham u yerga ketganligini, o‘zi esa buvisi bilan birga yashashini ma’lum qilgan. B.M. qo‘shni hovlida tog‘asi M.A. yashashini, tog‘asi unga jismoniy tazyiq o‘tkazib, bir necha bor tan jarohati yetkazganligini, qolaversa M.A. uni haqorat qilib, uyidan haydab chiqarishga urinayotganligini bildirdi.
Shuningdek, holat yuzasidan profilaktika inspektoriga murojaat qilsa-da, hech qanday chora ko‘rilmaganligini bildirib, tog‘asi M.A. ning tazyig‘iga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida mazkur holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rganildi.
Jumladan, Agentlikning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi hamda Pastdarg‘om tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, M.A. tomonidan voyaga yetmagan B.M. va uning buvisi X.M. ga nisbatan tazyiqlar o‘tkazib kelinganligi tasdiqlanib, joriy yilning 19-sentabr kuni tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish va qayta takrorlanishiga qarshi himoya orderi rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga, M.A. ning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida hozirda Pastdarg‘om tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Sharhlar