Jizzaxlik talaba Yoshlar ittifoqi kafilligi bilan sud zalidan ozod etildi

Foto: uzreport.news

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudida ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan zominlik 2001-yilda tug‘ilgan X. U. Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod etildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan Zarbdor tuman sudida ayblanuvchi X. U.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sudda u sodir etgan jinoyat ishi ehtiyotsizlik oqibatida kelib chiqqanligi, qilgan ishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, OTM talabasi ekanligi hisobga olingan.

Insonparvarlik, bag‘rikenglik va odillik tamoyillariga tayanib Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida X. U.ga qonun doiraisda yengillik berildi. X. U.ning xulqi va tarbiyasi bir yil davomida Yoshlar ittifoqi nazoratida bo‘ladi va uning ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishi ta’minlanadi.

“Hech qanday jinoyat jazosiz qolmaydi. Qonunni bilmaslik hech kimni javobgarlikdan asrab qolmaydi. Kimning yoki qaysidir tashkilotning kafilligida ozod etildi, nazoratida bo‘ladi, degani “Butunlay oqlandi”, degani ham emas, endi jinoyat sodir etgan shaxs nihoyatda ehtiyot va ogoh bo‘lishi, qonunni umuman buzmasligi shart, deganidir. Aks holda, endigi jazo juda qattiq bo‘lishi mumkin. Buni unutmang”, – deyiladi xabarda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.