Joriy yilda 580 ta maktab, 169 ta bog‘chaning energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilgan

Foto: president.uz

Prezident raisligida boshlangan videoselektor yig‘ilishida energiya samaradorligi, ko‘p qavatli uylarni boshqarish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati yozmoqda.

O‘tgan yili elektr va gazni tejash bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi. Xonadonlar va ijtimoiy obyektlarda o‘rnatilgan birgina quyosh kollektorlari hisobiga 20 million kilovatt tejalmoqda.

“Sanoat korxonalari ham “yashil energiya” manbalarini joriy qilmoqda. Masalan, “O‘zbekko‘mir” tizimida quyosh kollektorlari va issiqlik nasoslari o‘rnatilgani hisobiga yiliga 150 ming kilovatt elektr iqtisod qilinmoqda”, – deyiladi xabarda.

Lekin ayrim hududlarda ishlar sust bo‘lgani uchun elektr iqtisod qilish rejasi to‘liq bajarilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilda 580 ta maktab, 169 ta bog‘chaning energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.

Yangi ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, issiq oylarda ma’muriy va tijorat obyektlarini sovutishga qish bilan bir xil energiya sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga 1 mingta ijtimoiy obyektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bog‘cha, 393 ta maktab va internat ta’mirlanadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.