Joriy yilning birinchi yarmida 1 ming 68 nafar voyaga yetmagan shaxslar sudlangan

Foto: Oltinsoy tumani hokimligi

Joriy yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 37 ming 179 nafar shaxsga nisbatan 29 ming 86 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 465 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi.

Sudlangan shaxslar soni 29 ming 382 nafarni tashkil etib, shundan 10 ming 287 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 18 579 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan. 516 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 26 ming 28 nafari erkak, 3 ming 354 nafari ayol, 11 ming 145 nafari yoshlar (shu jumladan, 1 ming 68 nafari voyaga yetmagan) va 1 ming 105 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslardir.

3 ming 432 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilingan.

16 ming 624 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 5 ming 620 nafariga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirildi. 7 ming nafarga yaqin shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

71 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Hisobot davrida ko‘rilgan jinoyat ishlarining aksariyati firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘ldi.

 

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.