JSST: Dunyoda 35 million nafar bola qizamiqdan himoyalanmagan

Foto: major-clinic

Uch yil davom etgan koronavirus pandemiyasi ko‘plab sohalarda uzilish va to‘xtalishlarga sabab bo‘ldi. Xususan, dunyo bo‘ylab bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi ham keskin pasayishi kuzatildi.

Hozir epidemiologik vaziyat barqaror. Ammo o‘tgan yili vaksina olmagan bolalar soni pandemiyadan avvalgi davr — 2019-yilga qiyoslaganda 2,7 million nafarga ko‘paygan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISЕF tomonidan ayni shu muammo tahliliga bag‘ishlangan yangi qo‘shma hisobot e’lon qilindi.

Unda qayd etilishicha, 2022-yilda 13,9 million nafar o‘g‘il-qiz difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi bir martalik vaksinalarni qabul qilmagan bo‘lsa, 2023-yilda ular soni 14,5 million nafarga yetgan.

Bundan tashqari, qariyb 35 million bola qizamiqqa qarshi umuman emlanmagan yoki vaksinalarning tegishli dozasini olmagan.

Dunyo bo‘yicha 83 foiz o‘g‘il-qiz xuddi shu kasallikka qarshi bir dozada, 74 foizi esa 2 bosqichda emlangan. Biroq JSST tomonidan bu borada qamrovni 95 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shu ma’noda, erishilgan ko‘rsatkichlar qoniqarli emas.

Shu bois tashkilot tegishli hukumatlarni bu muammoni bartaraf etish uchun faol chora-tadbirlarni amalga oshirishga chaqirdi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.