JSST: Yaqin orada COVID-19ning yanada yuqumli shtammlari paydo bo‘lishi mumkin

Foto: SSV

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda dunyo bo‘ylab COVID-19 bilan kasallanish holatlari orta boshlagan.

O‘sish dinamikasi asosan Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa hamda G‘arbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida qayd etilyapti. Infeksiya shu kunlarda Parij shahrida davom etayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining 40 nafar ishtirokchisida ham aniqlangan.

JSST vakili Mariya Van Kerxovening ogohlantirishicha, kelgusida xastalanish ko‘rsatkichlari yanada ortishi va yaqin orada virusning hozirgidan ham yuqumliroq variantlari paydo bo‘lishi xavfi mavjud.

“Bir necha hafta davomida SARS-CoV-2 tashxisi qo‘yilgan bemorlar soni 10 foizga ko‘paydi, — deydi ekspert. — Ayniqsa, Yevropada ushbu statistika 20 foizdan ortgan. Bu — 84 mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan monitoring tizimimiz ma’lumotlari. Aslida, infeksiyaning real tarqalish ko‘lami bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni koronavirusga qarshi emlash kampaniyalarini kuchaytirishga chaqirdi. Xususan, xavf guruhiga mansub aholi qatlami har 12 oyda bir marta tegishli vaksinalarni olishi tavsiya etilmoqda.

Mariya Van Kerxovening xulosa qilishicha, ushbu profilaktik chora SOVID-19 ning xavfli variant va shtammlari paydo bo‘lishi xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.