Kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi 200 mln so‘m etib belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda atroflicha muhokama qilindi.
Qonun loyihasida omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish, shu jumladan bank tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash, uni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada aholi va tadbirkorlik subyektlarining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi (200 mln so‘m) belgilanmoqda. Mazkur yuqori chegarani belgilashda omonatlarning amaldagi holati to‘liq tahlil qilindi. Xususan, ushbu miqdor bugungi kunda mamlakatda 99,7 foiz omonatchilarning banklardagi mablag‘lari to‘liq kafolatlanishini ta’minlaydi.
Qonun tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi va ular omonatchilari oldida o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘lishadi. Bu omonatchilar pul mablag‘larining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega, degani.
Yig‘ilishda tashabbuskorlar deputatlarning e’tiborini yana bir muhim masalaga qaratishdi. Unga ko’ra, kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi muayyan shaxsning faqat bitta bankdagi omonatiga tatbiq etiladi, ya’ni ushbu shaxs bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarda o‘z omonatlariga ega bo‘la turib, mazkur banklarning barchasi tugatilgan taqdirda ham qonun loyihasi bilan yaratilayotgan tizim barcha omonatlarni bir xilda kafolatlaydi.
Sharhlar