Kambagʻallik tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga farzandini joylash amaliyoti bekor qilinadi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyaga berish va ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu haqida O’zbekiston Axborot agentligi xabar bermoqda. Unga ko’ra:
- Bolani tarbiyaga berishda oila muhitini saqlab qolishga ustuvorlik beriladi. Bunda avvalo vasiylik, homiylik yoki farzandlikka berish qoʻllab-quvvatlanadi. Ixtisoslashtirilgan muassasaga eng soʻnggi chora sifatida joylashtiriladi.
- Farzandlarni oilaning kambagʻalligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Kambagʻal oila vakillari ishga joylashgan taqdirda, bolasi uch yoshga toʻlguncha bogʻcha xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya jamgʻarmasidan kompensatsiya beriladi.
- Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi boʻlgan onalar joylashtiriladi. Ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi, onalik koʻnikmalari oʻrgatiladi hamda kasb egallashiga koʻmaklashiladi.
Bu kabi xizmatlarni tashkil kilishda nodavlat tashkilotlari ham keng jalb qilinadi.
- Ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan bolalar tarbiyaga berilguniga qadar “Inson” markazi tomonidan oilaviy bolalar uyiga joylashtiriladi. Tarbiyaga beriladigan bolalar uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi.
- Yetim bolalarni aniqlash, ularni tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxslar maʼlumoti “Ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladi. “Inson” markazlari bolalarning qonuniy vakili etib belgilanadi hamda huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Shuningdek, bu markazlar tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitini, yordamlarning maqsadli ishlatilishini va tarbiyaga olgan shaxslar majburiyatlarini monitoring qilib boradi.
- Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida belgilanadi. Tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarga umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimni tugatgunicha yashash va parvarishlash xarajatlari toʻlanadi.
- Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, shu sohada yana bir hujjat – “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida” qonun maʼqullangan. Unda bu boradagi huquqiy asoslar mustahkamlanib, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qiluvchi davlat organlari hamda ularning vakolatlari aniq belgilangan. Prezidentimiz ushbu qonunni imzoladi.
Ulashish:
Sharhlar