Kambag‘al oila farzandlarining kontrakti fanlarni o‘zlashtirishiga qarab 80 foizgacha qoplab beriladi
Prezident har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratilishini e’lon qildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi. Bunda:
- Oliygoh, kollej va texnikum talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 80 foiz bo‘lsa, ularga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi.
- Oliygoh, kollej yoki texnikumga kirishda grant uchun yetarli ballning 80 foizini to‘plagan kambag‘al oila farzandlariga qo‘shimcha grant ajratiladi.
Bundan tashqari, moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliygohlarning har biri yiliga kamida 1 milliard so‘mlik grant e’lon qiladi.
Bu grantlar hisobidan, fanlarni o‘zlashtirishidan kelib chiqib, kambag‘al oila farzandlari kontraktining 20 foizdan 80 foizgacha qismi qoplab beriladi.
Kambag‘al oilalar farzandlarini bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli ta’lim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
Sharhlar