Toshkent viloyatidagi kambag‘al oilalar soni ma’lum qilindi
11-oktabr kuni Toshkent viloyati hokimligida “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi doirasida masʼullar tomonidan bajarilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi rejalar belgilab olindi. Bunda har bir rahbar o‘ziga biriktirilgan kambag‘al oila bilan individual shug‘ullanishi, ular barqaror daromadga kirguncha faol ravishda ish olib borishi shartligi taʼkidlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.
Yil boshida viloyatda jami aholining 10,2 foizini kambag‘al oilalar tashkil etgan bo‘lsa, bu saʼy-harakatlar natijasida yil yakunida 7 foizga tushishi kutilmoqda. Boshqacha aytganda, bugun hududda 63 ming 9 ta kambag‘allik darajasidagi oilalar mavjud. Ularning har biri bilan individual tartibda ish olib borilmoqda.
Endilikda, viloyatda rahbarlar haftaning juma kunida o‘ziga biriktirilgan kambag‘al oilalarda bo‘lib, ular bilan suhbatlashadi, berilgan imtiyoz va imkoniyatlarni tushuntiradi. “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” davlat dasturida belgilangan yettita yo‘nalishda, yaʼni, turmush tarzi, ijtimoiy tafakkurini yaxshilash, rivojlantirish borasida birgalikda ish olib boradi. Masalan, o‘tgan hafta – 4-oktabr kuni o‘tkazilgan “Kambag‘al oilada bir kecha” aksiyasi doirasida 220 nafar viloyat boshqarmalari va tuman, shaharlar sektor rahbarlari qatnashgani katta ijobiy samara keltirgan: 456 nafar inson ishga joylashgan, 367 ta oilaning farzandlari turli to‘garaklarga jalb qilingan.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi. Majlisda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Sharhlar