Karmana tumanida yirik kimyo texnoparki qurilmoqda

Foto: O‘zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatining Karmana tumanida barpo etilayotgan “Zarafshon industrial technology” kimyo texnoparki qurilishi bilan tanishdi. Ushbu texnopark uchun 130 gektar maydon ajratilib, umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 18 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirga kelib 40 ming tonna o‘leum va 170 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish loyihalari ishga tushdi.

Texnoparkda sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikdan foydalangan holda energiya bloki qurilib, korxona o‘zini to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘lmoqda. Yangi loyihalar doirasida 150 million dollarlik 1 million tonna sulfat kislotasi, 120 million dollarlik 50 ming tonna kaustik soda va 135 million dollarlik fitalotsianin ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Hozirda texnoparkda 300 nafar kishi ishlamoqda, barcha loyihalar amalga oshirilgach, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Texnoparkning 2026-yilga kelib yillik eksport salohiyati 30 million dollarga yetkazilishi mo‘ljallangan. Shu yerda 2024-2030-yillarda “Navoiyazot” AJ negizida qiymati 5 milliard dollarlik 22 loyiha amalga oshirilishi ham taqdim qilindi.

Prezident ekologiya talablariga rioya etish va zavodlarni uglerod chiqindilarini kamaytiradigan uskunalar bilan jihozlashni ta’kidladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.