Raqobat qo‘mitasi “KNAUF GIPS BUXORO”ni bozorda ustun mavqega ega deb tan oldi. Kompaniya rasmiy bayonot bilan chiqdi

Фото: Knauf

“KNAUF GIPS BUXORO“ MChJ XK bozordagi ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil etganligi munosabati bilan ustun mavqega ega deb e’tirof etilganiga javoban rasmiy murojaat e’lon qildi. Ushbu qaror Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan edi.

“KNAUF GIPS BUXORO“ bosh direktori Deripalko Dmitiriy ushbu qaror bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi:

“O’zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “KNAUF GIPS BUXORO“ MChJ XK kompaniyasining O’zbekistondagi hukmron mavqeini tan olgani haqidagi so‘nggi yangiliklardan kelib chiqib, ushbu qarorga izoh berishni o‘rinli deb hisoblaymiz.

Avvalo shuni ta’kidlashni istardikki, afsuski, Qo‘mitaning ushbu qarori haqida hamma qatori biz ham ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlar tufayli bilib oldik. Amaldagi qonun hujjatlarining qoidalarini hisobga olgan holda Qo‘mita kompaniyani uning tovar yoki moliya bozorida ustunlik mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar reyestriga kiritilganligi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.

Qo‘mitadan rasmiy xabarni negadir ushbu qaror ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan keyin oldik. Bundan tashqari, ustunlik mavqening mavjudligi tovar yoki moliya bozorining chegaralarini belgilash, bir-birini almashtiradigan tovarlar yoki moliyaviy xizmatlarni hisobga olgan holda, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt yoki shaxslar guruhining bozor ulushini aniqlashni hisobga olgan holda belgilanishi kerak.

Tovar yoki moliya bozorining chegaralari deganda tovarlar yoki moliyaviy xizmatlarning, shu jumladan bir-birini almashtiruvchi tovarlarning O’zbekiston hududida yoki uning bir qismida, ushbu mahsulotni sotib olish imkoniyati mavjud bo‘lgan chegaralari tushuniladi. Xizmatlarni ko‘rsatish uchun ham qonun bilan xuddi shunday shartlar nazarda tutilgan. Bozor chegaralarini aniq belgilash raqobatni tahlil qilish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar holatini baholash va iqtisodiy raqobat sohasida me’yoriy qarorlar qabul qilish uchun muhim ahamiyatga ega.

Qaror qabul qilishda bir-birini almashtiradigan va shunga o‘xshash o‘rinbosar materiallar bozori tahlil qilinganligi bizga shubhali ko‘rinadi, shuning uchun mahsulotlarni tahlil qilish uchun qanday tizimli ma’lumotnomalar ishlatilganligini bilishga istagimiz bor.

Tovar aylanmasi chegaralariga kelsak, biz bozorning barcha ishtirokchilari, jumladan, yashirin iqtisodiyot ishtirokchilari qatoriga kirganlar ham hisobga olinmagan degan gumonimiz bor.

Yuqoridagi barcha savollar va bo‘shliqlar qo‘shimcha ravishda aniqlanishi kerak.

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, KNAUF 25 yildan buyon O’zbekistonning hamkori hisoblanadi. Kompaniya O’zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lib, respublika bo‘ylab ish o‘rinlarini yaratishga katta iqtisodiy hissa qo‘shgan. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xorijiy sarmoyalarni jalb qilishda O’zbekistonning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan emas”.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.