Ko‘zi ojiz shaxslarning pensiyalariga qancha foiz ustama haq to‘lanadi

Foto: uza.uz

Hozirgi paytda nogironligi bo‘lgan shaxslarning soni jahon miqyosida taxminan 1 milliardni tashkil etadi.

Mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilab berilgan. Shuningdek, mavjud qonunchilikka asosan, imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish borasida bir qancha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 28-moddasiga ko‘ra, ko‘zi ojizlik bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida pensiyalariga ustama haq to‘lanishi belgilangan. Hozirda pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 428 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va mustaqil harakatlanish hamda pensiyalarni sayyor kassalarda olish imkoniyati bo‘lmagan shaxslarga pensiyalar Xalq banki filiali tomonidan bevosita ularning yashash joyiga yetkazib beriladi.

Fuqaro I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, uning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiyasi har 2 yilda bir marotaba qayta hisoblab beriladi.

Nogironligi bo‘lgan bolani 8 yoshgacha tarbiya qilgan bolaning onasiga pensiya tayinlashda talab qilinadigan 20 yillik ish stajiga nogironligi bo‘lgan bolaga qaragan davri qo‘shib hisoblanadi.

Yuqorida nazarda tutilgan davr, ish staji kamida 7 yil mavjud bo‘lgan taqdirdagina qo‘shib hisoblanadi. Mazkur talablarga javob bergan holda fuqaroda kamida 20 yil ish staji mavjud bo‘lsa, imtiyozli 50 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.