“Kofe mahsulotlari” tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aniqlandi
“Kofe mahsulotlari” tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi xabar qilmoqda.
O‘zbekiston hududiga, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona post orqali piyoda holda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, og‘zaki so‘rovda taqdim etilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 14 dona ko‘k rangli paketlarga solingan “ozdiruvchi kofe mahsulotlari” borligi aniqlandi.
“Bojxona qo‘mitasi Markaziy laboratoriyasining xulosasiga ko‘ra, jami 3 221, 36 gramm bo‘lgan vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallangan “kofe mahsulotlari” tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.
“Sibutramin” moddasi- 2019 yil 27 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir etuvchi moddalar aylanishini tartibga solish to‘g‘risida”gi 818-son qarorida keltirilgan ro‘yxatga ko‘ra, respublika hududiga muomalasi cheklangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga kiritilgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar