O‘zbekistonda bemorlar tez yordam “koll-markaz”larida shifokor maslahatini olishi mumkin bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tez tibbiy yordam tizimi tahlil qilinar ekan, asosiy muammo murojaatlarni kasallikning og‘irligiga qarab saralamaslik bilan bog‘liq ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois tez yordam “koll-markaz”larida bemorlarga shifokor maslahati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu yil Toshkent shahrida, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinishi aytildi. Tizim xodimlari tibbiy maslahat shifokori, chaqiruvni saralash operatori, feldsher-paramedik yo‘nalishida qayta tayyorlanadi.
Taqdimotda dorilarga haqiqiy ehtiyojni shakllantirish, ularni xarid qilish va joylarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini hamda xarid jarayonini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sharhlar