Kollej va texnikumlarda oʼqishni xohlovchilarga qoʼshimcha imkoniyat berildi

Buning uchun 25-sentyabrga qadar my.uzbmb.uz orqali onlayn yoki bevosita taʼlim muassasasining oʼziga murojaat qilishlari lozim.

Ota-onalar va abiturientlarning murojaatlarini inobatga olib, shuningdek, kasb egallash istagida boʼlgan yoshlarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida 2024/2025-oʼquv yili uchun kollej va texnikumlarga qabul qilish boʼyicha quyidagi imkoniyatlar taqdim etilmoqda:

  • boʼsh oʼrinlari (vakant) mavjud boʼlgan kollej va texnikumlarga abiturientlar test natijalari asosida ikkita mutaxassislik fani (fanlar ketma-ketligidan qatʼi nazar) mos boʼlgan tegishli kasb (mutaxassislik)ni tanlashlari mumkin;
  • abiturientlar taʼlim tilini oʼzgartirgan holda kollej va texnikumlarning tegishli kasb va mutaxassisliklarini tanlashlari va tanlovda ishtirok etishlari mumkin;
  • kirish imtihonlarida ishtirok etib, my.uzbmb.uz elektron platformasi orqali professional taʼlim muassasalarini tanlamagan abiturientlar ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq kollej va texnikumlarga dual taʼlim shakli boʼyicha toʼgʼridan toʼgʼri qabul qilinadi;
  • my.uzbmb.uz elektron platformasi orqali roʼyxatdan oʼtmagan yoki kirish imtihonlarida ishtirok etmagan, biroq kollej va texnikumlarda kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʼyicha oʼqish istagidagi fuqarolarga yozma imtihonlar orqali toʼlov-kontrakt asosida oʼqishga qabul qilinadi.

Kollej/texnikumlarning kunduzgi taʼlim shakli kasb va mutaxassisliklari uchun tanlovda ishtirok etmoqchi boʼlganlar my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida oʼqish istagidagilar bevosita kollej va texnikumning oʼziga murojaat qilishlari mumkin.

Eslatib o’tamiz, shu munosabat bilan, kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun oʼquv jarayoni 2024-yil 2-oktyabrdan boshlanadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.