Komil Allamjonov haqidagi xabar yuzasidan prokuratura medialarni ogohlantirdi
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga qurolli hujum uyishtirilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura ushbu holatga quyidagicha munosabat bildirdi.
So‘nggi kunlarda hali tergov jarayoni davom etayotgan jinoyat ishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tasdiqlanmagan va asossiz, shuningdek, ishonchli rasmiy manbalarga tayanilmagan ma’lumotlar keng tarqatilmoqda.
Ushbu holat yuzasidan tegishli idoralarning xodimlari tomonidan tergov harakatlari davom etayotganligi haqida xabar berilgan. Tafsilotlar haqida qo‘shimcha ravishda xabar beriladi.
“Qonunchilikda axborot sohasidagi huquq hamda mas’uliyat aniq belgilangan – buni, ayniqsa, faol va katta auditoriyaga ega blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanallar ma’murlari yaxshi his etishlari lozim. Chunki jamiyatda ular tarqatayotgan har qanday axborotni haqiqat sifatida qabul qiladiganlar ko‘p. Media vakillari ham xuddi davlat organlaridan talab etilgani kabi sohaga oid amaldagi qonunchilik me’yorlariga rioya etishlari shart ekanligini unutmasligi kerak. Shunga ko‘ra, jamoatchilik orasida turli noto‘g‘ri talqin va taxminlar tarqalishining oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalaridan prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga tayanish va havola keltirishni qat’iy so‘rab qolamiz”, – deyiladi xabarda.
Aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjud.
Sharhlar