Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirildi
Bugun, 26-oktyabr tunda Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga qurolli hujum uyushtirilgan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, suiqasd tungi soat 1:30 lar atrofida Komil Allamjonovning Qibray tumanidagi uyi yaqinida sodir bo‘lgan. Ikki noma’lum shaxs u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzib, hodisa joyidan yashiringan. Allamjonovga zarar yetmagan.
Bosh prokuratura holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda S.S. boshqaruvidagi «Range Rover» rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar qurolidan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashirinishgan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Gumon qilinuvchi shaxslarni aniqlash va ushlash yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Hozirda tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar