Kommunal to‘lovlarni sud orqali undirish tartibi o‘zgartirildi
Prezident tomonidan 07.11.2024-yilda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kommunal toʻlovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-993-son Qonunda bunga alohida ahamiyat qaratilgan, deb yozmoqda Norma.
Kiritilayotgan qoʻshimchalar bilan koʻp kvartirali uy-joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlarni undirish haqida talab arz qilinganda sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ham ilova qilinishi belgilanmoqda:
1) koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisidagi qarorining koʻchirma nusхasi;
2) koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasining koʻchirma nusхasi – koʻp kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilgan taqdirda;
3) qarz yuzaga kelgan davr koʻrsatilgan qarz hisob-kitobi;
4) qarzni uzish toʻgʻrisidagi talabning qarzdorga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar.
Shuningdek, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari oʻzlari koʻrsatgan хizmatlar uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish haqidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga hamda iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda oldindan davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi. Bunda, ularning talablarini qanoatlantirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.11.2024-yildan kuchga kiritilgan.
Sharhlar